Kutubxona tarixi
Respublika ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasi 1929 yil dekabr oyida 7000 bosma nashri fondiga ega bo‘lgan Bosh paxtachilik komiteti bazasida “SoyuzNIXI” kutubxonasi sifatida tashkil topgan. 1959 yil dekabr oyida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi Fanlar Akademiyasi bilan qo‘shilgach, 1960 yil 1 yanvardan Markaziy ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasi deb nomlana boshladi. 1987 yil Moskva Markaziy ilmiy kutubxonasi bilan kelishilgan holda Respublika ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasi (RNSXB) nomi bilan yuritila boshladi. Xozirgi kunda Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ilmiy kutubxona 1930 yildan beri qishloq xo‘jaligida ilm-fanning rivojlanishida va olimlarning soha yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlar olib borishda yordam berib kelmoqda. Shu bilan birga Respublika ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasi qishloq xo‘jaligi fan sohalarini yoritib beruvchi qadimgi kutubxonalardan biri hisoblanib, uning 4000 mingdan ortiq nashrlari noyob hisoblanadi.
Noyob fondni sobiq Turkiston va Zakaspiya regionlari, Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi fanining rivojlanish tarixi, geografiyasini yoritib beruvchi va kamdan-kam uchraydigan Toshkent, Sankt-Peterburg, Moskva, Petrograd va xorijiy davlatlarda XVIII-XIX va XX asrning boshlarida chop etilgan qishloq xo‘jaligi fan sohalari paxtachilik, g‘o‘za, dehqonchilik, chorvachilik, o‘simlikshunoslik, botanika, biologiya, zoologiya, gidrotexnika, geologiya, statistika, matematika, ensiklopedik lug‘atlar, o‘lkashunoslik kabi fanlarga oid bo‘lgan ilmiy nashrlar tashkil etadi. Ilmiy kutubxona xujjatlaridan foydalanib S.N.Usmanov, Z.Tursunxodjayev., A.S.Samutali., A.A.Dadabayev., A.Akmalxanov., A.K.Kashkarov., M.Tashboltayev., Sh.J.Teshayev., B.M.Xalikov., N. Xushmatov va boshqa ko‘pgina olimlar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlashgan.
Kutubxona tashkil topgandan beri 100 dan ortiq Markaziy Osiyo paxtachiligi va qishloq xo‘jaligi faniga oid bibliografik ko‘rsatkichlar tuzilgan. Ilmiy kutubxona o‘zining salkam 100 yillik faoliyati davomida o‘zining birlamchi funksiyalarini saqlab qolgan. Hozirgi davrga kelib ham ilmiy kutubxona Markaziy Osiyodagi yirik kutubxonalardan biri hisoblanadi.
