2026-yil O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” bo‘ladi

2026-yil O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” bo‘ladi, deya ma’lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlament va xalqqa yo‘llagan murojaatnomasida.

Davlat rahbari bugungi kunda jamiyatda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiyligi, bu — demokratiyaning birlamchi talabi ekanini ta’kidladi.

“Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli xalqni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”, — dedi u.

“Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila — oilaga, qo‘shni — qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak”, — dedi u.

“Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”, — dedi prezident.