Bilim va tajriba uyg‘unligi: rahbar kadrlar uchun seminar-treninglar davom etmoqda

Xabaringiz bor, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida agrar boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlar uchun mo‘ljallangan maxsus o‘quv dasturi doirasida haftalik seminar-treninglar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

Mazkur o‘quv dasturi doirasida jami 169 nafar tuman (shahar) hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda Agrosanoat majmui kasaba uyushmalarining hududiy tashkilotchilari uchun 6 bosqichdan iborat o‘quv-seminarlar rejalashtirilgan.

Joriy hafta davomida dasturga muvofiq 27 nafar hokim o‘rinbosarlari va 6 nafar kasaba uyushmasi hududiy xodimlari ishtirokida navbatdagi seminar-treninglar o‘tkazildi.

Bugun esa seminar ishtirokchilari uchun qator amaliy tashriflar va ekskursiyalar tashkil etildi. Xususan, tinglovchilar poytaxtimizda joylashgan IT Park majmuasiga tashrif buyurib, raqamli iqtisodiyot, innovatsion startaplar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida joriy etilayotgan zamonaviy IT-yechimlar bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida amaliyotga joriy etilgan loyihalarning boshqaruv samaradorligini oshirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilari uchun “Tashkent city park” va “Yangi O‘zbekiston” bog‘lariga madaniy-ma’rifiy sayohatlar tashkil etildi. Qayd etish lozim, bunday yondashuv tinglovchilarning bilimlarini mustahkamlash bilan bir qatorda, ularning dunyoqarashini kengaytirish hamda jamoaviy muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun madaniy tadbir tashkil etildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Prezident Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Timur Butunbayev ham bevosita ishtirok etib, agrar sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda hududiy boshqaruvda zamonaviy yondashuvlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashishdi.

Tadbir yakunida o‘quv dasturida faol ishtirok etgan barcha tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ta’kidlash joizki, bunday o‘quv-seminarlar tuman darajasida agrar boshqaruvni mustahkamlash, raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.