- 11.02.2026
- Chop etilgan: admin
- Boʻlim: Mahalliy
Qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
Biroz avval Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Taqdimot chog‘ida Davlatimiz rahbari mazkur yo‘nalishlarda samarali natijalarga erishish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani takomillashtirish, shuningdek, tashkil etiladigan Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator topshiriqlar bergan edi.
Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab Qishloq xo‘jaligi vazirligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazir o‘rinbosarlari, tegishli departament va boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda agrar sohada ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarishni o‘zaro uzviy bog‘laydigan yagona tizimni shakllantirish, joriy yilda 25,5 ming gektar mevali bog‘lar va 5 ming gektar uzumzorlar barpo etish, shu orqali 48 mingta doimiy hamda mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Mas’ullarga ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda sohaga innovatsion va samarali yechimlarni joriy etish, investitsiya hamda xorijiy grantlarni faol jalb qilish bo‘yicha yangi loyihalar ustida puxta ishlash masalalari muhokama qilindi. Bu borada uzoq muddatli, aniq maqsadga yo‘naltirilgan takliflar bildirilib, ularni amalga oshirish uchun mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida bahorgi ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, urug‘liklarni o‘z vaqtida ekishga tayyorlash, shuningdek, hududlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, samaradorlikni oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.
