Xotira — muqaddas qadriyat

Respublika ilmiy qishloq xo‘jaligi kutubxonasi xodimlari tomonidan Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan ajdodlar, harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining nomlarini abadiylashtirish, ularning mardligi va jasoratini keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida Xotira xiyoboniga ekskursiya tashkil etildi.

Ekskursiya davomida kutubxona xodimlari Vatan ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizning hayoti va qahramonliklari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ularning jasorati, fidoyiligi va Vatanga bo‘lgan cheksiz sadoqati bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish zarurligini yana bir bor eslatdi.

Xotira xiyobonidagi yodgorliklar va ramziy lavhalar bilan tanishish jarayonida ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, mardligi va jasoratini yod etib, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Tadbir yakunida Vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan barcha yurtdoshlarimiz xotirasi hamisha barhayot bo‘lishi, ularning jasorati va qahramonliklari kelajak avlod uchun munosib ibrat bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Zero, xotira–muqaddas, qahramonlik esa avlodlardan avlodlarga o‘tuvchi buyuk merosdir.